26 February 2016
18:35 - Yusuf Juma: Imom Hasan xotirasiga
2008 yilda meni qamash uchun sud hukm o'qiganda qishlog'imiz donishmandi, sochlari soqollari oppoq Imom Hasan yig'lab yubordi. Yarim qishloq uning avlodi. Boshqa kentlarda, deylik Toshkentda O'zbekiston qahramonlari shunday jasorat topa oladilarmi?! Farzandini ot, ovozlari chiqmaydi. Irkit jonlarini qo'riqlab o'lib ketadilar.

Qorako'l boshqacha kent.
Xirs boshqacha qishloq...
Jasur O'g'izxon avlodining so'ngi qoldig'iday.

2007 yil mustabid Islom Karimov armiya tashlab, Qorako'ldan meni qidirtirdi, topolmadi. Shunda pogonli to'ralardan biri: Qorako'lliklarga qoyil, uch to'rt oilani hisobga olmasa, hammasi Yusuf Juma deb o'limga tayyor, -- deb yuborgan ko'pchilik orasida. Toshkentga -- sotqinxonaga keldim bir soatda ushlab berishdi.
Imom Hasanning ikki gapidan biri Maxtumquli hikmati bo'lsa, biri Go'ro'g'libek so'zi edi:

Otim horib o'zim yiqilgan chog'da
Ortimda huv degan sherlarim bordir.

Imom Hasan bilan oxirgi marta 2016 yilda yangi yilda telefonda gaplashdim.
"Seni ko'rmay o'layotganimga afsuslanaman, armon bo'lib qoldi,"-- dedi. Holbuki, o'zining uch farzandi Rossiyada edi. Bir o'g'li Ilhom O'n sakkizga yetmay Rossiyada o'ldirildi.

Imom Hasanday ulug' zotlar olamdan o'tganda olam bo'm-bo'sh bo'lib qolganday tuyuladi.

Boqiy dunyosi Tangrining nuridan bo'lsin!!!

Otamday azizlarim
Menga intiq o'tibdi.
Qorako'l yer ustidan
Yer ostiga ketibdi.

Ko'kdan baland ko'klarim
Oy kunlari bitibdi.
Osmonlar yer ustidan
Yer ostiga ketibdi.

Yer yuzi yuragimday
O'chmas, yonib yotibdi.
Go'yo Tangri ham ko'kdan
Yer ostiga ketibdi.

Yaxshilar yorug' dunyo,
Uzlat yo'lin tutibdi.
Yer yuzi yer ustidan
Yer ostiga ketibdi.

Yolg'izlik -- qora o'rin,
Sho'rim bo'lib chiqibdi.
Yer osti yer yuziga
Go'rim bo'lim chiqibdi.

24 fevral, 2016 yil.


Hatto qumusqalar o'z inida shod,
Qurtlar ham baxtiyor o'z kavagida.
Ozod Vatan bilan jon bo'lar obod,
Ozodlik yetmaydi qon yuragimga.
Tug'ilgan yurtimga bora olmasam,
Tug'ilgan uyimga kira olmasam,
Meni ozod degan nodon emasmi?!
Meni hayot degan nodon emasmi?!

Otamning qabriga egolmasam bosh,
Onamning qabriga to'kolmasam yosh,
Vatanim osmoni -- dunyom bo'lmasa,
Vatanim zamini -- samom bo'lmasa.
Meni ozod degan tentak emasmi?!
Meni hayot degan tentak emasmi?!

Jannat baxsh etsa ham ul oliy sarvar
Yurtim yo'qmi, do'zzax bilan barobar.
Yot yerlarda tirik bo'lsam o'likman,
O'z yerimda o'lik bo'lsam tirikman.
Kavsaridan ichsam -- zahardir, zaqqum,
Hatto uchmoqda ham bo'lurman mahkum.
Meni ozod degan aqldan ozgan,
Meni hayot degan aqldan ozgan.

4 fevral 2016 yil