22 February 2016
17:23 - Yusuf Juma: Evril Turon (Mamadali Mahmud) jasorat timsoli
Agar Mamadali Mahmud yozuvchi bo‘lmaganida ham millatning jasoratli farzandi bo‘lib tarixda qolardi. Agar U faqatgina yozuvchi bo‘lsa ham jasoratli so‘z ustasi bo‘lib, so‘zi millatga maktab bo‘lib qolardi.

Mir Alisher ikki karra sherdir (Ham Ali, ham sher - Hazrat Alini sher deganlar). Evril Turon ikki karra jasoratli erdir. Agar ulug‘ Nobel tirik bo‘lganda unga mukofotni qo‘sh qo‘llab qo‘sh karra topshirardi.

Agar Evril Turon otida mukofot bo‘lsa, kelajakda Turonning shunday mukofoti bo‘ladi, Nobel bu mukofotni olishni armon qilardi.

Mamadali Mahmud telefonda so‘z boshlarkan nihoyatda qiynalib nafas olayotgani seziladi, uch karra xuruj qilgan yuragi qiynaydi, havo yetishmaydi, so‘zlar uzilib-uzilib chiqadi. Ammo gap Vatan, tarix, erku haqiqatga ko‘charkan o‘ttiz yil burungi Mamadali ovozi yangraydi. O‘jar va mag‘rur, jasur ruh nafaqat dardu og‘riqlarni o‘limni ham tan olmaydi. O‘n ming yillik Tarixdan so‘ylaydi. Charafli tarix, uni o‘chirganlaru insoniyat, Vatan, millat fojealari - millat boshiga solingan qirg‘inlar, genosidlar...

Holbuki, dasturxonida non yo‘q...

Milyonlab o‘g‘rini boqayotgan yurt
Ochdan o‘ldiradi uch to‘rt shoirin.

deb yozganman yigirma yoshlarimda. Nainki milyonlab o‘g‘rini dushmanlari Rossiyani, Xitoyni, Yarim dunyoni boqayotgan O‘zbekiston Mamadali Mahmuddan burda nonni qizg‘anadi.

Bugun Yozuvchilar uyushmasi deb atalgan - yaloqxo‘rlar qabristoni "daho"chalarining so‘zlari ne: Yasdhasinbozlik, orden, medal - temir tersak, voy sultonim yo‘qlamay qo‘ydilar, el qadrimni bilmaydi, osh, non, ...

Hozirgi o‘zbek shoir va yozuvchilari dunyoqarashi -- o‘z dasturxoniyu hukmdor poyining ostidan iborat.

Naqadar tubanlik!

Hozirgi adabiyot "namoyondalariga" adabiyot haqida gapirish o‘zbekchani bilmaganlarga o‘zbekcha gapirishday.

Hamma zamonlarda aytish farz bo‘lgan, lekin o‘limga olib boradigan haqiqatlar bo‘ladi. Hamma jim. Choiru yozuvchiman deganlar shu haqiqatlarni aytishlari lozim, ammo botinmaydilar. Mashrabday, Qodiriyday, Evril Turonday zotlargina o‘limlarini bo‘yinlariga olib ayta oladilar. "O‘lmas qoyalar" dan "Bo‘z bo‘ri"gacha shunday jasorat namunalaridir. Har qanday yuksak mukofotga loyiqdirlar.

20 fevral, 2016 yil